• " On the Job " ruknining ushbu sonida biz LG kompaniyasining investorlar bilan aloqalar (IA)  bo‘limi va uning asosiy manfaatdor tomonlar bilan o‘zaro hamkorlikdagi sa’y-harakatlarini ko‘rib chiqamiz, kompaniyaning qiymatini oshirish bo‘yicha ishlarning borishi va kelajakdagi rejalari haqidagi yangiliklar bilan bo‘lishamiz.

     

    Investorlar bilan aloqalar (IA) samaradorligi kompaniya muvaffaqiyatida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib, investorlar, tahlilchilar va boshqa manfaatdor tomonlarga aniq va ishonchli ma’lumotlar taqdim etish orqali shaffoflikni oshrishga xizmat qiladi. Investorlar bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassislarning vazifasi butun dunyoda rivojlanib bormoqda va barqaror rivojlanish kabi muhim korporativ vazifalarni qamrab olmoqda. Tashkilot va moliyaviy hamjamiyat o‘rtasida shunchaki bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lib xizmat qilish o‘rniga, IA-jamoalari barqaror rivojlanish sohasidagi an’anaviy hisobotlardan tashqariga chiqadigan ekologik, ijtimoiy va boshqaruv menejmenti (ESG) tashabbuslarini ilgari surishda muhim rol o‘ynaydigan strategik hamkorlarga aylanib bormoqda.

     

    LG kompaniyasi mijozlar va investorlar bilan shaffof muloqotni doimo ustuvor vazifa deb bilganligi sababli, yuqori malakali investor munosabatlari (IA) mutaxassislaridan iborat jamoani puxta shakllantirgan. "On the Job" ruknining ushbu sonida biz LG kompaniyasining IA bo‘limiga yaqindan nazar tashlaymiz va uning vazifalari, duch kelayotgan qiyinchiliklari hamda bo’lim  xodimlarini o‘z sohasida yutuqlarga erishishga undaydigan omillar haqida bilib olamiz.

     

    IA bo’limining asosiy vazifasi biznesning adolatli baholanishini ta’minlash, kapital bozorlari orqali mablag‘ jalb qilish uchun qulay muhit yaratish va barqaror aksiyadorlar bazasini saqlashdan iborat.

     


    "Bu maqsadga erishish uchun bizning bo‘limimiz investorlarga javob berishdan tortib korporativ ma’lumotlarning oshkor etilishini nazorat qilishgacha, daromadni e’lon qilish, biznes brifinglari va aksiyadorlarning yig‘ilishlarini o‘tkazishgacha bo‘lgan bir qator vazifalarni hal qiladi," - deydi LG Electronics kompaniyasining IA bo‘limi rahbari Pak Von Chje.

     

    IA faoliyatini uch asosiy yo‘nalishga ajratish mumkin: axborot almashishda tegishli me’yorlar va qonunlarga rioya etilishini ta’minlash orqali kapital bozorining yaxlitligini oshirish; korporativ taqdimotlar va anjumanlar vositasida investorlarni kompaniyaning boshqaruv holati, strategiyalari va istiqbollari haqida xabardor qilish; aksiyadorlar foydasini oshirish maqsadida ularga mablag‘larni qaytarish siyosatini ishlab chiqish uchun moliyaviy tashkilotlar kabi tegishli tuzilmalar bilan, masalan, dividendlar to‘lash yoki aksiyalarni qayta sotib olish yo‘li bilan hamkorlik qilish.

     

    LG kompaniyasining IA bo‘limi investorlar bilan aloqalarni  rejalashtirish guruhi va kommunikatsiyalar bo’yicha guruhidan iborat. IA bo’limining kommunikatsiyalar bo’yicha guruhi Janubiy Koreya va xalqaro investorlar bilan o‘zaro aloqalarni boshqarish va yuqori darajadagi tashqi hamkorlikni talab qiladigan faoliyat bilan shug‘ullanadi. Shu bilan bir vaqtda, IA-ni rejalashtirish guruhi kompaniya ma’lumotlarini oshkor etish va aksiyadorlar yig‘ilishlarini o‘tkazish kabi siyosatga oid vazifalarni nazorat qilib boradi.

     

    Har bir guruh turli xil vazifalarni bajarishi, hamkorlik doirasi va kutilayotgan natijalar farq qilishini hisobga olgan holda, guruh a’zolari o‘zlarining aniq vazifalariga mos keladigan ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishlari kerak

     


    "IA-ni rejalashtirish guruhi a’zolari normativ talablarga rioya qilish sohasida chuqur bilimga ega bo‘lishi va tegishli tizim hamda qoidalarni mukammal tushunishi shart," - deydi IA-ni rejalashtirish guruhi rahbari Li Sin Chju. "Bulardan farqli o‘laroq, IA bo‘limining kommunikatsiya guruhi xodimlari kuchli muloqot ko‘nikmalariga ega bo‘lishlari lozim, chunki ularning vazifasi ham koreys, ham jahon investorlari bilan faol aloqa o‘rnatishni o‘z ichiga oladi." Bundan tashqari, har ikkala guruh a’zolarining kapital bozorlari, sanoat muhiti va kompaniya faoliyatining turli yo‘nalishlari haqida chuqur tushunchaga ega bo‘lishi o’ta muhimdir.

     

    LG kompaniyasining IA bo‘limi xodimlarining kundalik ish tartibiga yil fasllari sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. "Bizning faoliyatimiz ma’lum bir siklga bo‘ysunadi, bu odatda choraklik, yarim yillik va yillik moliyaviy hisobotlar jadvaliga mos keladi," deya izoh beradi IA bo’limining Kommunikaysiyalar guruhi rahbari Kim Song Hyon. "Asosiy takrorlanuvchi vazifalarga aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi, daromad to‘g‘risidagi choraklik e’lonlar va "Non-Deal Roadshow" (NDR) * kabi yillik tadbirlar kiradi. Ushbu sanalar yaqinlashgani sayin, e’tiborimiz ushbu tadbirlarni tashkil etishga tobora ko’proq qaratiladi."

     

    Masalan, choraklik daromadlar haqidagi e’lonlar odatda aprel, iyul, oktyabr va yanvar oylarining oxirida e’lon qilinadi. "Bu e’lonlardan taxminan 20 kun oldin biz bozor uchun kompaniyaning xabarini shakllantirish maqsadida turli tashkilotlar va bo‘linmalar bilan yaqindan hamkorlik qilamiz," deydi Kim. "Biz ushbu ma’lumot ommaga e’lon etilganidan keyin, manfaatdor tomonlarga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqamiz."

     

    Aksiyadorlarning yillik umumiy yig‘ilishi ham katta e’tibor talab etadi, chunki IA jamoalari Koreya tijorat qonunchiligida belgilangan  huquqiy tartib-qoidalarga qat’iy rioya qilishlari shart. "Odatda biz kelgusi yilning mart oyida o‘tkaziladigan yig‘ilishga tayyorgarlikni to‘rtinchi chorakdan boshlaymiz. Bu yig‘ilishda o‘tgan yilning moliyaviy natijalarini muhokama qilamiz," deya qo‘shimcha qildi Li.

     

    Ushbu odatiy va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan faoliyatdan farqli o‘laroq, kapital bozorlari doimiy ravishda o‘zgarib turadi, bu esa aloqa va aksiyadorlar siyosatida moslashuvchanlik va aniqlikni talab qiladi. Kim-ning so’zlariga ko’ra: "Tashqi omillar ta’siriga uchraganimiz sababli, odatiy bo‘lmagan vazifalarimiz ko‘pincha yangi yoki notanish vaziyatlarni o‘z ichiga oladi, bu esa investorlar bilan munosabatlar faoliyati dinamikasini kuchaytiradi."

     

    LG kompaniyasining Investorlar bilan munosabatlar bo‘yicha malakali, kreativ va o’z ishiga sodiq xodimlardan iborat bo‘limi o‘zining a’lo darajadagi faoliyati va shaffof muloqotga intilishi bilan e’tirof etildi. Yaqinda bo‘lim Koreya investorlar bilan aloqalar xizmati tomonidan tashkil etilgan 2024 yilgi Korea IA Awards tadbirida Moliyaviy xizmatlar komissiyasi raisining mukofoti (bosh sovrin) bilan taqdirlandi. Bu ularning birinchi mukofoti emas: 2021-yilda ular "Korporativ sektor" nominatsiyasida Gran-pri, o‘tgan yili esa IA Kengashi raisining mukofoti (Excellence Award)ga sazovor bo‘lishgan. Bu e’tirof, ayniqsa, korporatsiyalar qiymatini oshirish jahon kapital bozorlarida asosiy yo‘nalishga aylanganligini hisobga olgan holda, juda muhim ahamiyatga ega. LG kapital bozorini boshqaruvchi organlar va turli soha mutaxassislari tomonidan bozor bilan tizimli va samimiy muloqot o‘rnatish bo‘yicha doimiy sa’y-harakatlari uchun e’tirof etilgan.

     

    LG-ning IA bo’limi kompaniyaning o‘rta va uzoq muddatli strategik yo‘nalishi bo‘lgan "Future Vision 2030" ni investorlar bilan muloqotga faol ravishda tatbiq etmoqda. LG ushbu uzoqni ko‘zlagan rejasi bilan, o‘nlab yillar davomida maishiy texnika kabi asosiy sohalarda erishgan jahon miqyosidagi raqobatbardoshlik va tajribasiga tayanib, kelajakka yo‘naltirilgan biznes modeliga o‘tish orqali barqaror rivojlanishni ta’minlashga intilmoqda. IA bo‘limining korporativ va aksiyadorlik qiymatni oshirishga qaratilgan izchil va samimiy harakatlari keng miqyosda tahsinga sazovor bo‘ldi.

     

    O‘tgan yilning iyul oyida “Future Vision 2030” e’lon qilinganidan so‘ng kompaniya biznesni rivojlantirish ko‘rsatkichlari va yo‘nalishlariga oid tashqi aloqalarni faollashtirdi. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi, xalqaro investorlar uchun korporativ taqdimotlar va investorlar forumlari kabi yirik tadbirlarda LG kompaniyasining bosh direktori va moliyaviy direktori boshchiligidagi yuqori darajadagi rahbarlari bozor bilan ochiq va shaffof tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib boradilar. Joriy yildan boshlab, LG kompaniyasi daromad masalalari bo‘yicha muntazam konferentsiya qo‘ng‘iroqlari sonini oshirdi. Ilgari bunday qo‘ng‘iroqlarni investorlar bilan aloqalar bo‘limi va biznes bo‘linmalari rahbarlari olib borgan bo‘lsa, endi ularni bevosita moliyaviy direktor boshqarmoqda.

     

    Bundan tashqari, joriy yil boshida LG aksiyadorlar foydasini oshirishga qaratilgan yangi uch yillik dividend siyosatini e’lon qildi. Ushbu siyosat dividend to‘lov koeffitsientini oshirish, yillik dividendlarning eng kam miqdorini belgilash va yarim yillik dividend to‘lovlarini amalga oshirishni nazarda tutadi. Avgust oyida LG kompaniyasi korxona qiymatini oshirishga qaratilgan dasturni e’lon qilib, Koreyaning o‘nta yirik konglomerati orasida yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng, 22-oktyabr kuni LG o‘zining "Korporativ qiymatni oshirish rejasi"ni taqdim etdi, u “Future Vision 2030” dasturini aktsiyadorlar uchun qo‘shimcha tashabbuslar, shu jumladan 2027-yilga borib 10% yoki undan yuqori maqsadli kapital rentabelligi (ROE) bilan birlashtiradi. Kelajakda sotib olingan xususiy aksiyalarni bekor qilish, aksiyalarni qo‘shimcha sotib olish va choraklik dividendlarga o‘tish kabi choralar ko‘rib chiqilmoqda.

     

    "Biz bu qadamlar orqali korporativ va aksiyadorlik qiymatni oshirishga qaratilgan samimiy va faol intilishlarimizni izchil ravishda namoyish etamiz," - deydi Li.

     

    Korporativ qiymat faqatgina moliyaviy hisobotlardagi raqamlardan iborat bo‘lmay, balki kelajakdagi o‘sish salohiyati, kompaniya imidji va brend qiymati kabi nomoddiy aktivlar hamdir. "LG Electronics kompaniyasini taqdim etish va uning haqiqiy korporativ qiymatini bozorga yetkazish bizning asosiy vazifamiz," - deydi Kim. "Biz professionallik, g‘ayrat va samimiylikni o‘zida mujassam etgan namunali investorlar bilan aloqalar tashkiloti bo‘lishga intilamiz."

     

    LG Electronics’dagi boshqa jamoalar va ularning rollari haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun LG Newsroom-dagi yangiliklarini kuzatib boring.

     

    # # #

     

    * Non-Deal Roadshow (NDR) - bu kompaniya rahbariyati investorlar, tahlilchilar va boshqa manfaatdor tomonlar bilan uchrashib, kompaniya biznes strategiyasi, moliyaviy ko‘rsatkichlari va rivojlanish istiqbollari haqida so‘zlab beradigan tadbir. Muayyan qimmatli qog‘ozlar taklifi yoki bitimni ilgari surishga qaratilgan Deal Roadshow (DR) dan farqli o‘laroq, NDRni mavjud aksiyadorlarga qaratilgan IA-faoliyat sifatida ko‘rilishi mumkin.